Yaponiya fuqarolik huquqi
(Yaponiya Fuqarolik Kodeksining qabul qilinishi va Yaponiya fuqarolik huquqinig predmeti)
Muhammadjon Rasulov[1]
Ibragimov Bunyodbek[2]
Yaponiya fuqarolik huquqi predmeti hamda tizimi haqida umumiy ma’lumot.
I. Yaponiya Fuqarolik kodeksining qabul qilinishi va tuzulishi
II. Yaponiya Fuqarolik huquqining predmeti va fuqarolik huquqiy munosabatlari
I. Yaponiya Fuqarolik kodeksining qabul qilinishi va tuzulishi
Ushbu maqolada Yaponiya fuqaroli kodeksining qabul qilinish tarihi,tuzulishi va fuqarolik huquqiy munosabatlar yoritiladi.
Meiji davrining eng katta va muhim islohotlaridan biri bu huquqiy islohotlardir. Meiji davrining ilk kunlaridan boshlab bu sohada katta ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik Kodeksining qabul qilinishi ularning ichidagi eng katta voqealardan sanaladi. Meiji hukumati 1870 yili Fuqarolik kodeksini ishlab chiqish uchun harakatlarini boshlashgan.[1]
Meiji davrining dastlabki yillarida fransuz huquqining ta’siri juda katta bo’ldi. Fransiyada huquqshunos professorlar taklif etildi. George Bousquet va Parij huquqshunoslik universitetining professori Gustave Boisonade fransuz huquqshunoslari shular jumlasidandir. Bu ikkita olim yapon mutahasislariga fransiya huquq tizimini tushuntirib berishgan. Shuningdek, Gustave Boisonade Yaponiya fuqarolik kodeksining loyihasini ishlab chiqishda ham ishtirok etgan.[2]
Gustave Boisonade ga fuqarolik kodeksining loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Shuningdek, 1880 yil Yaponiya Senatida fuqarolik kodeksini ishlab chiqish bo’limi tashkil etilgan.[3]Gustave Boisonade Fuqarolik kodeksining mulkiy huquqlar qismini-ashyoviy huquq va majburiyat- ishlab chiqqan. Bunda u asosan Fransiya fuqarolik huquqini model sifatida olib, undan tashqari Belgiya, Italiyalarning qonunlarini hamda yapon odatlarini ham inobatga olgan holda o’zining Fuqarolik Kodeksi loyihasini ishlab chiqqan. Bu Boisonade loyihasi deya ataladi. Bunga, Yaponlardan iborat komissiya ishlab chiqqan oila huquqi qismi qo’shilib, Fuqarolik kodeksi loyihasi tayyor bo’lgan.[4]
Bu loyiha Yaponiya eski fuqakolik kodeksi deyaladi. Bu kodeksi 1890 yil qabul qilinib, 1893 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak edi. Ammo, Yaponiya huquqshunos va jamiyati orasida bu kodeksga qarshi fikrlar juda kuchli bo’ldi. Natijada, Fuqarolik kodeksining amalga kiritilishi, kechiktirilib, hukumat fuqarolik kodeksi loyihasini ishlab chiqish uchun yangi komissiya tuzdi.[5]
Bu komissiya, uchta yapon, Umeken Jirou(1860-1910), Bodjumi Nobushige (1856-1926), Tomii Masaaki(1858-1935)lardan tarkib topgan edi. Bu paytga kelib Evropada Germaniyaning pandekt tizimidagi Fuqarolik kodeksi modeli keng tarqala boshlandi. Yaponiya ham yangi fuqarolik kodeksini ishlab chiqishda aynan Germaniyaning pandekt tizimini model sigatida tanlanadi. Loyihani ishlab chiqishda , albatta , fransuz fuqarolik kodeksidan ham foydalanildi. Ko’pchilik Yaponiya Fuqarolik kodeksi Germaniyaning pandekt tizimidan foydalangani uchun uni German Fuqarolik kodeksi modeli turkumiga kiritishadi. Aslida esa, Fuqarolik kodeksini ishlab chiqishda, Yaponiyaning fransuz modelida ishlab chiqilgan eski fuqarolik kodeksi asos bo’lib hizmat qilib, uning ko’pchilik qismi to’g’ridan to’g’ri foydalilgan. Shuning uchun ayrim yapon sivililstlari Yaponiya Fuqarolik kodeksi tizimi, ya’ni shakli Germaniyaning pandekt tizimiga kirib, mazmun jihatdan fransuz Fuqarolik kodeksining ta’siri kattadir. Bunga, komissiya a’zolaridan Tomii Masaaki va Umeken Jiroularning fransiya tahsil olib kelgan mutahasislardan bo’lganligining ta’siri ham bo’lgan.[6]
Shunday qilib, 1896 yil Fuqarolik kodeksining dastlabki uch bo’limi: umumiy qism, ashyoviy huquq va majburiyat huquqi tayyor bo’ldi, 1898 yil ohirgi ikki bo’limi: qarindoshlik huquqi va meros huquqi tayyor bo’ldi. 1898 yilning 16 iyulida kuchga kirdi. Bu qonun ayrim o’zgarishlar uchragan holda bugungi kunda ham amaldadir. Bu kodeksi Meiji Fuqarolik kodeksi deya nomlanadi.
Meiji Fuqarolik kodeksining oila huquqi: qarindoshlik huquqi va meros huquqi, Ikkinchi Jahon urushidan keyin 1947 yul katta o’zgarishlarga uchragan. Fuqarolik kodeksining mulkiy huquqlari qismi katta o’zgarishlarga uchramagan. Faqat, 2004 yil Fuqarolik kodeksi zamonaviylashtirilgan, ya’ni kodeksi qabul qilinganligi 100 yildan oshganligi sababli unda ishlatilgan eski so’zlar va eski grammatikasi zamonaviylashtirilgan, bunda mazmunan hech qanday o’zgartirish qilinmagan[7].
Yuqoridagilar Yaponiya fuqarolik kodeksining qisqacha tarihi bo’lib, endi Meiji Fuqarolik kodeksining tuzulishi va Yaponiya fuqarolik huquqining predmetiga qisqacha to’talib o’tamiz.
YaponiyaFuqarolik kodeksi O'zbekiston Fuqarolik Kodeksidan farqli ravishda faqat fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solib, tadbirkorlik (ho’jalik)huquqi normalarini o’z ichiga olmagan. Tadbirkorlik huquqini tartibga soluvchi normalari alohida kodeks qilingan. Meiji Fuqarolik kodeksi Germaniyaning pandekt tizimiga asoslanib ishlab chiqilgan bo’lib, umumiy qism va har bitta qismga tegishli alohida umumiy qoidalar belgilangan. Meiji Fuqarolik kodeksi 5 qism: Umumiy qism, Ashyoviy huquq, Majburiyat huquqi, Qarindoshlik huquqi va Meros huquqidan 1044 moddadaan iborat[8].
Ashyoviy huquq va majburiyat huquqi mulkiy huquq turkumiga va qarindoshlik huquqi va meros huquqi oila huquq turkumiga kiradi.
II. Yaponiya Fuqarolik huquqining predmeti va fuqarolik huquqiy munosabatlari
Fuqarolik huquqi xususiy huquqning umumiy qonuni deb nomlanadi. Bunday nomlanishiga sabab, har bir maxsus qonun doirasida umumiy ravishda q`ollaniladigan normalar belgilanganidir. Amalda, xususiy huquq bilan cheklanib qolmay, deyarli butun qonunlarda qo`llanishi mumkin bo`lgan normalar bilan birgalikda, alohida hollardagina q`ollaniladigan qoidalar mavjudligi sababli, mazkur normalarning umumiyligi, mavhumligi darajasiga qarab, ularning qo`llanish doirasi o`zgarib boradi.
Yaponiya fuqarolik huquqi o`ziga xos tartibda tuzilganligi sababli, umumiy ma`nodagi normalar Fuqarolik Kodeksining boshlanishidagi “Umumiy qism” bo’limida belgilangan.
Fuqarolik huquqi haqida tushincha hosil qilish uchun, avvalo, fuqarolik huquqi tomonidan tartibga solinadigan munosabatlarni ko`rib chiqish lozim bo`ladi. Fuqarolik huquqi tartibga soladigan munosabatlarni quyidagi misol bilan tasvirlash mumkin.
Masalan, A va B ismli shaxslarning a va b mulklari bor. A shaxs o`z mulkini B shaxsning mulki bilan ayirboshlamoqchi bo`ladi. Ikkinchi tomonda, C ismli shaxs A va B shaxsdan ularning mol-mulklarini huquqqa xilof hatti-harakat bilan o`zlashtirib olishni rejalashtiradi. Yuqoridagi misoldan kelib chiqadigan bo`lsak, mazkur uchta shaxs o`rtasida tartibga solinishi lozim bo`lgan uch xil munosabat kelib chiqadi:
1. A va B shaxs o’rtasidagi kelishiv munosabati;
2. A,B shaxs va ularning mulklari orasidagi munosabat;
3. A,B shaxslar va noqonuniy yo’l bilan mulklarni o`zlashtiruvchi C o’rtasidagi munosabat.
Birinchi munosabat, ya’ni, A va B shaxs o’rtasidagi kelishiv munosabati fuqarolik huquqida shartnoma deb nomlanadi. Ikkinchi munosabat, A,B shaxs va ularning mulklari orasidagi munosabat esa mulkiy munosabatlar hisoblanadi. Uchinchi munosabat, A, B shaxslar va C shaxs o’rtasidagi munosabat esa, C shaxs tomonidan yetkazilgan zararni qoplash usuliga qarab, ikki holatga bo’lish mumkin. Birinchi holatda, agar mol- mulk o’zlashtirib olingan bo’lsa, uni asl holatida egasiga qaytarish lozim bo’ladi. Ikkinchi holat, ya’ni, mol-mulk nobud bo’lgan yoki unga zarar yetkazilgan bo’lsa, uning moddiy qiymatini to’lash lozim bo’ladi. Fuqarolik huquqi yuqoridagi misoldan kelib chiqadigan uch munosabatni tartirbga solish uchun alohida qoidalarni belgilaydi.
Fuqarolik huquqi boshqa huquq sohalaridan farqli o’laroq, ijtimoiy munosabatlarni huquq va tarozining ikkinchi tomoni sifatida majburiyat tushunchalari orqali ifodalaydi va tartibga soladi. Bu umumiy holatni yuqoridagi misolda yuzaga keladigan muhosabatlarga tatbiq qilib ko’radigan bo’lsak, birinchi holatda A va B shaxs o’rtasida shartnoma tuzilishi orqali A shaxs B shaxsga nisbatan (B shaxs A shaxsga nisbatan) muayyan huquqlarni qo’lga kiritadi. Ikkinchi tomondan, B shaxs A shaxsga (A shaxs B shaxsga) nisbatan muayyan majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi. Mana shu holatda fuqarolik huquqi shartnoma munosabatidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar, misol uchun, B shaxs shartnoma shartlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda huquq egasi A shaxs tomonidan ko`rilishi mumkin bo`lgan choralar kabi A va B shaxs o`rtasidagi shartnomaga taalluqli munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarni belgilaydi.
Yuqoridagi misolda keltirilgan ikkinchi turdagi munosabat, mulkiy munosabatlarda ham A shaxsning a mulkiga nisbatan munosabati mulkka nisbatan huquq sifatida talqin etilib, bunday turdagi huquqlar mulk huquqi deb nomlanadi. Fuqarolik huquqi mulk huquqini batafsil tartibga soluvchi normalarni belgilash bilan bir qatorda, mulk huquqi buzilgan holatlarda, asl holatiga qaytarish ko`rinishidagi choralarni ham o`rnatadi.
Uchinchi turdagi munosabatlar, ya’ni huquqqa xilof hatti-harakat yuz berganda, mulkni asl holatida qaytarish choralaridan boshqa himoya choralarini belgilaydi.
Yuqoridagi keltirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqadigan bo`lsak, fuqarolik huquqi shartnoma huquqi, mulk huquqi va huquqqa xilof hatti-harakatlardan tashkil topadi deb xulosa qilish mumkin. Misol uchun kodekslar va yozilgan qonunlar mavjud bo`lmagan Anglo-sakson huquqida ham sud pretsedentlari xuddi shunday tartibda tartibga solib boriladi. Fransiya fuqarolik qonunchiligi ham deyarli yuqorida keltirilgan tartibdagi tarkibda tuzilgan bo`lib, Kodeksning birinchi bo`limi “Huquq sub’ektlariga taalluqli moddalar” (Oila huquqini tartibga soluvchi normalar ham kiritilgan), ikkinchi bo’lim “Mulk” (Ashyoga nisbatan huquqlar ham kiritilgan), uchinchi bo’lim “Mulkni qo’lga kiritish usullari” (Shartnoma huquqi asosiy qismni egallagani holda, huquqqa xilof hatti –harakatlar ham tartibga solinadi) tartibida shakllangan.
German huquqining kuchli ta’sirini o’zida aks etgan Yaponiya fuqarolik huquqida bunday tartib yaqqol ko’zga tashlanib, huquq – majburiyat shaklidagi tizim aniq sezilib turadi.
Birinchi turdagi munosabat - shartnoma munosabatidan yuzaga keladigan huquqni, tor ma’noda, shartnoma ikkinchi tomonini shartnomada belgilangan kelishuvga bo’ysunishga majburlash huquqi, keng ma’noda esa, ikkinchi tomondan biror harakatni bajarishni so’ray olish huquqi deb sharhlash mumkin. Misol uchun, A shaxs B shaxsdan a mulkni o’ziga topshrishni so’rash huquqini olaylik. Buni fuqarolik huquqida talab qilish huquqi deyiladi (bunga nisbatan shartnoma ikkinchi tomonining qilishi lozim bo’lgan harakati majburiyat deyiladi). Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, shartnomani talab qilish huquqini yuzaga keltiruvchi sabab deyish mumkin.
Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, yuqoridagi misoldagi kabi keng o’ylab ko’riladigan bo’lsa, uchinchi turdagi munosabat – himoyalanish munosabatlarida yetkazilgan zararlarni to’lab berishni so’rash huquqi ham zarar keltirgan aniq shaxsdan mazkur zararni qoplashni talab qilish huquqi deyish mumkin. ya’ni talab qilish huquqi nafaqat shartnomadan, balki huquqqa xilof hatti-harakatlardan ham kelib chiqishi mumkin.
Yuqoridagi holatlarga qarama-qarshi o’laroq, ikkinchi turdagi munosabatlar – mulkiy munosabatlar shaxsning mulkka bo’lgan huquqini bildiradi. Fuqarolik huquqi bunday turdagi huquqlarni talab qilish huquqidan farqli ravishda, ashyoviy huquqlar deb nomlaydi.
Shunday qilib, fuqarolik huquqining tarkibiy tuzilishini tushuntirish uchun berilgan yuqoridagi misoldan kelib chiqadigan uch turdagi munosabatlar mazkur munosabatlardan yuzaga keladigan huquqlarning turlariga qarab, quyidagi ikki guruhga taqsimlanishi mumkin:
Majburiyat va ashyoviy huquqlar haqida yanada chuqurroq o’ylab ko’riladigan bo’lsa, bunday tasniflashda, yuqorida keltirilgan misoldan kelib chiquvchu holatlarning hammasini o’z doirasida tartibga sola olmasligini ko’rish mumkin. Dastavval, majburiyat haqida o’ylab ko’riladigan bo’lsa, shartnoma ham, huquqqa xilof hatti – harakat bo’lmagan hollarda ham aniq bir shaxsga nisbatan talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlat mavjud. Misol uchun, ko’chada yurak xuruji tutib qolgan yo’lovchini kasalxonaga olib borib, bemorning hayotini saqlab qolgan shaxs keyinchalik yo’l xarajatlari yoki davolash uchun sarflagan chiqimlarini talab qilish huquqini olaylik. Mazkur holat O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 47-bobi bilan tartibga soladi. Fuqarolik Kodeksining mazkur bobi “Begona shaxsning manfaatini ko’zlab topshiriqsiz harakat qilish” deb nomlanadi. Bunday harakatlar manfaatdor shaxsga yoki uning mol-mulkiga zarar yetkazilishini oldini olish, uning majburiyatlarini bajarish yoki uning qonunga zid bo’lmagan boshqa manfaatlarini ko’zlab, uning topshirig’isiz, boshqa ko’rsatmasisiz yoki oldindan va’da berilgan roziligisiz qilinsa, ochiq ko’rinib turgan manfaat yoki foydadan hamda manfaatdor shaxsning haqiqiy yoki ehtimol tutilgan niyatlaridan kelib chiqib hamda ishning holatlariga ko’ra zarur g’amxo’rlik va ehtiyotkorlik bilan qilinishi lozim.[9] Topshiriqsiz qilingan harakatlardan manfaatdor bo’lgan shaxs uning manfaatlarini ko’zlab ish olib borgan shaxsga zarur harajatlarni va boshqa haqiqiy zararni qoplashi shart. Mazkur qoidani yuqoridagi misolga tatbiq qilib ko’radigan bo’lsak, bemorni kasalxonaga keltirgan shaxsning talabi haqiqatga yaqin bo’lishi mumkin. Albatta, bunga o’xshash holatlarni keng qamrovda tan olinishi uncha ayamiyatga ega bo’lmagan talablarning ko’payib ketishiga olib kelishi mumkin, ammo umuman tan olmaslik ham ijtimoiy hayot nuqtai nazaridan unchalik muvofiq emas. Yapon fuqarolik huquqi bunday mustaqil harakat qilish shaklini talabni keltirib chiqaruvchi omil sifatida o’rganadi.
Keyingi misolda, shartnoma tuzilganiga qaramasdan, qandaydir sabablar ko’ra haqiqiy emas deb topilgan holatni ko’rib chiqamiz. Shartnomani haqiqiy emasligini bilmagan holda shartnoma predmeti shartnoma ikkinchi tomoniga topshirilgan holatda, shartnoma haqiqiy emasligi sababli, topshirilgan narsalar asl egasiga qaytarilishi lozim bo’ladi. Shartnomadan kelib chiqadigan talab tushunchasi orqali buni tushuntirib berish qiyin. Shartnoma predmeti yoki shartnoma haqi, sabab bo’lmagani holda berilishi yoki to’lanishi orqali shartnoma ikkinchi tomoni asossiz foyda olgan holatda, umumiy holatdagi talab qilish huquqidan faqrli ravishda, alohida ko`’rinishdagi talab qilish huquqi yuzaga keladi. Fuqarolik huquqi bunday talabni asossiz ko’rilgan foyda deb nomlab, talabni keltirib chiqaruvchi navbatdagi omil sifatida belgilaydi. Mazkur tushuncha O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqidagi asossiz boylik orttirishdan kelib chiqadigan majburiyatlar tushunchasidan farq qiladi.[10]
Shunday qilib, majburiyatni keltirib chiqaruvchi omillar shartnoma, mustaqil harakat qilish, asossiz ko’rilgan foyda hamda huquqqa xilof hatti-harakatlardan tashkil topadi.
Ashyoga nisbatan huquqlar mulk huquqi bilan cheklanmaydi. Mulk huquqi ashyoga nisbatan to’laqonli tasarruf qilish huquqini bildiradi, ammo shu bilan birgalikda cheklangan huquqlar ham mavjud. Misol uchun, yerga nisbatan, uning ustki qismidan foydalanishni olib ko’raylik. Yerdan foydalanish yerga nisbatan mulk huquqining bir qisminigina tashkil qilib, fuqarolik huquqi buni foydalanish huquqi deb nomlaydi. Bundan tashqari, mulk huquqining alohida xususiyatlaridan biri mol-mulkning bahosidan foydalanish xususiyatidir. Mol-milkning o’zidan emas, uning bahosidan foydalanish fuqarolik huquqida garov huquqi deyiladi. Mulkdan foydalanish huquqi hamda garov huquqi mulk huquqining bir qisminigina tashkil etganligi bois, cheklangan ashyoviy huquqlar deb nomlanadi.
Shunday qilib, fuqarolik huquqi mulk huquqidan tashqari, bir qator ashyoviy huquqlarni ham tan olib, ularni tartibga soluvchi qoidalarni ham o’rnatadi.
Yuqorida keltirilgan Talablar va Ashyoviy huquqlar birgalikda Mulkiy huquqlar deb nomlanadi. Bunga oila munosabatlarini tartibga soluvchi normalar (Qarindoshlik huquqi va Meros huquqi – birgalikda Oila huquqi deb nomlanadi) qo’shilib, fuqarolik huquqi tarkibi shakllanadi.
Xulosa
Mazkur maqolamizda Yapon fuqarolik huquqining predmeti hamda tizimi haqida umumiy ma’lumot berishga harakat qildik. Yapon fuqarolik huquqi va O’zbekiston fuqarolik huquqi birgalikda kontinental huquq oilasiga taalluqli bo’lishiga qaramasdan, har bir huquq tizimining o’zigagina xos xususiyatlar mavjudligini yoddan chiqarmaslik lozim.[11]
[1] Nagoya universiteti huquqshunoslik va siyosatshunoslik fakulteti 2- bosqish magistri
[2] Nagoya Universiteti Huquq va Siyosat fakulteti magistr bosqishi bitiruvchisi, TDYUI Nagoya Universiteti Yapon Huquq tadqiqoti Markazi yapon huquqi o’qituvchisi
[1] 森泉章『入門民法』(有斐閣ブックス、第3版、2005年)4頁。(Moriizumi Akira Yaponiya Fuqarolik huquqiga kirish. Yuhikakubuks nashriyoti, 2005 y., 4-bet.)
[2] O.Hiroshi “Japanese law.” Oxford, 2002.27p.
[3] Moriizumi Akira yuqorida (1) ko’rsatilgan asar, 4 bet.
[4] Uchida Takashi Yaponiya Fuqarolik huquqi I: Umumiy qism va Ashyoviy huquqning umumiy qoidalari. Tokio Universiteti nashriyoti, 2008 y., 24-bet.
[5] Moriizumi Akira yuqorida (1) ko’rsatilgan asar, 5-bet.
[6] Uchida Takashi yuqorida (4) ko’rsatilgan asar, 25-bet.
[7] O’sha joyda.
[8] Yaponiya Fuqarolik kodeksi.
[9] O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi, 826-modda.
[10] O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi, 58-bob.
[11] Maqolaning II qismda keltirilgan misollar va foydalanilgan ma’lumotlar Tokio Universiteti professori Uchida Takashining 2008 yilda chop etilgan “Fuqarolik huquqi. Birinchi qism” (“Umumiy qism va ashyoviy huquq nazariyasi”) darsligidan olindi.
In : Yapon huquqi